TOShKENT, 12-avgust — Sputnik. Shu yil may oylarida Yashnobod tumanidagi dori-darmon mahsulotlari savdosi bilan shug‘ulladigan mas’uliyati cheklangan jamiyatga qarashli omborxona ish boshqaruvchisi M.S.ga tanishi X.A. birgalikda savdo bilan shug‘ullanishni, dorilarni o‘zi sotib berishini va’da qilib, omborxonadan 112 mln. 250 ming so‘mlik turli xildagi dori-darmon mahsulotlarini olib, pullarni ham, mahsulotni ham qaytarishni xayoliga keltirmaydi.
So‘rayverib toqati toq bo‘lgan M.S. Yashnobod tumani IIBga murojaat qilishga majbur bo‘ladi, deb xabar bermoqda O‘zbekiston IIV matbuot xizmati.
Olib borilgan tadbir natijasida tuman IIB profilaktika inspektorlari tomonidan X.A. ushlandi. Surishtiruvda X.A. pullarni o‘z ehtiyojlari uchun sarflab yuborganligi aniqlandi.
Yashnobod tuman IIB huzuridagi tergov bo‘limi tomonidan X.A.ga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi, ya’ni firibgarlik alomatlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.