Marat Kabayev: qalban hamisha O‘zbekistondamiz

Obuna bo‘lish
Sobiq futbolchi Marat Kabayev 1979-yili fojiali halok bo‘lgan "Paxtakor" jamoasi futbolchilarini xotirlab Sputnik O‘zbekistonga intervyu berdi

TOShKENT, 12-avgust — Sputnik. "Paxtakor"ning afsonaviy futbolchilaridan biri Marat Kabayev jurnalist Radik Amirov bilan suhbatida jamoa futbolchilarining halokati butun mamlakatni larzaga solgani, O‘zbekistonning bosh klubi qanday qilib yana qayta tug‘ilgani haqida gapirib berdi.

— U kunni eslash men uchun haliyam og‘ir. O‘shanda "Paxtakor"ning ikkinchi tarkibi Minskdan sal vaqtliroq uchib ketgandi, o‘zingiz bilasiz, ikkinchi tarkib asosiy tarkibdan bir kun oldin o‘yin o‘tkazadi. Yoshlar Toshkentga yetib keladi, "katta" "Paxtakor" bir ozdan keyin kelishini aytishadi. Ularni hamma kutib turardi, Minskdan samolyot kelishi esa cho‘zilib ketadi… Keyin murabbiy Yakov Aranovich deydi: "Bolalar, yomon xabar. "Kattalarimiz" o‘tirgan samolyot halokatga uchrabdi".

Men bu paytda Termizda edim. Mashg‘ulot o‘tkazib, radioni eshitdik. "Paxtakor" haqida xabar berildi. Bu biz uchun dahshatli xabar edi.

"Paxtakor" bilan vidolashuv marosimiga esa butun Toshkent, butun O‘zbekiston chiqdi! O‘sha davrdagi kinolavhalarni ko‘ring. Odamlarni hech kim majburlab olib chiqmagan – ular o‘z ixtiyorlari bilan chiqishgan.

- Ushbu fojiaga boshqa respublikalarda qanday munosabatda bo‘lishdi?

Gullar, ko‘zoshlar, so‘zlar: Toshkentda Paxtakor-79 jamoasi xotirlandi - Sputnik O‘zbekiston
Gullar, ko‘zoshlar, so‘zlar: Toshkentda “Paxtakor-79” jamoasi xotirlandi

— Yangi "Paxtakor" shakllanib, o‘yinlar o‘tkaza boshlaganida bizni barcha futbolchilar, ishqibozlar qo‘llab-quvvatlashardi. Bu achinish emas, balki haqiqiy insoniy dalda edi. Minsk, Boku, Olma-Ota, Moskva — bizni hamma yerda xuddi o‘zlarinikidek kutib olishardi. Bu yurakni o‘rtab yuborardi. Butun mamlakat O‘zbekistonni qo‘llab-quvvatladi.

- Siz va sizning yoshingizdagi o‘yinchilar birdaniga ulg‘aydingiz. Sizlarning zimmangizda nafaqat "Paxtakor", balki butun respublika sharafini himoya qilish mas’uliyati tushgandi.

— Ha. Biz kutilganidan ertaroq jiddiy o‘yinga tushayotganimizni tushunardik. Bizda tajriba bor edi. Lekin shu bilan birga kattalarning qo‘llab-quvvatlovi ham kerak edi. Afsuski, kattalarimiz yo‘q edi, ular halok bo‘lishgandi.

Biz har bir o‘yinga "O‘zimiz uchun va o‘sha yigitlar uchun" degan shior ostida chiqardik. Maydonda davra hosil qilib "Paxtakor"imiz uchun o‘ynaymiz!" deb qichqirardik.

- Toshkentda o‘ynash uchun boshqa shaharlardan kelgan futbolchilarning qo‘llab-quvvatlashini his qilganmisiz?

— Albatta! "Paxtakor" safida o‘ynash uchun kelgan Andrey Yakubik, Sergey Bondarenko, Sergey Nikiforenkolarga rahmat aytishdan charchamayman. Va boshqalarga ham katta rahmat deyman! Sizlar butun O‘zbekistonni qo‘llab-quvvatladingiz.

Yaqinda Gretsiyada Vasilis Xadzipanagis bilan uchrashdim. U bizning toshkentlik yigit. Bizda to‘p surgan, hattoki SSSR termasida ham o‘ynagan. Keyinchalik Gretsiyaga ko‘chib ketib u yerda o‘sha davrning eng mashhur futbolchisiga aylangan. Uchrashuvimizda "Paxtakor"imizni yodga oldik!

—  1970-yillar oxiridagi "Paxtakor" nimasi bilan mashhur edi?

— Ajoyib driblingi, tezligi, to‘p uzatishlari bilan. Mixail An, Vladimir Fodorov, Olim Ashirov, Vladimir Sabirov, murabbiy Idgay Tazetdinov — hamma-hamma haqiqiy futbol o‘ynardi. Kuchli, mohir, aqlli jamoa edi. Fodorov Oleg Bloxindan kuchliroq edi va uni bemalol quvib o‘tardi.

- Sizlar tez-tez uchrashib turasizlarmi?

— Ha. Har yili mana shu kuni "Paxtakor"ni xotirlash uchun yig‘ilamiz. Aynan shu kuni biz yigitlarimizni yo‘qotganmiz. Shu kuni Toshkentda qabristonga borib "Paxtakor"ni yodga olishadi. Biz – O‘zbekistondan uzoqdagilar esa baribir qalban mamlakat poytaxtida bo‘lamiz. O‘sha "Paxtakor"ni hech qachon unutmaymiz.

Yangiliklar lentasi
0