TOShKENT, 11-avgust — Sputnik. Yil oxiriga qadar Toshkent shahar Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasining barcha avtomobillariga zamonaviy foto va videoregistratorlar o‘rnatiladi. Bu haqda Toshkent shahar IIBB boshlig‘i o‘rinbosari, YHXB boshlig‘i polkovnik B.Mamenovga tayanib uznews.uz xabar qildi.
Uning aytishicha, mazkur qurilmalar YHX inspektorlariga to‘xtatilgan avtotransport haydovchilarini suratga va videotasvirga olish imkonini beradi.
Video, foto va ovoz yozish uskunalaridan foydalanish inspektor va haydovchi o‘rtasida bahsli vaziyatlar kelib chiqishining oldini oladi.
Qayd etish joiz, keyingi vaqtda haydovchilar YHXB xodimlarini bayonnomalarni majburiy ravishda yoki noto‘g‘ri tuzishda ayblagan holatlar ko‘p uchramoqda.
Foto, video yoki audioyozuvlar inspektorlar tomonidan sud jarayonida taqdim etiladi.