TOSHKENT, 9 avgust — Sputnik. Janubiy Koreyaning Incheon shahridagi Ewha Womans University gospitalining bir guruh malakali professor, shifokorlari va koʻngillilar delegatsiyasi Fargʻona vodiysi aholisini chuqurlashtirilgan tibbiy koʻrikdan oʻtkazadi. Bu haqda auz.uz xabar qilmoqda.
Koreyalik shifokorlar Andijon viloyat koʻp tarmoqli tibbiyot markazida toʻrt kun mobaynida aholi salomatligini koʻrikdan oʻtkazadilar. Ularga maslahatlar beradilar, Koreyadan keltirilgan dori-darmon va sanitariya-gigena vositalarini bepul tarqatadilar.

Tashrif doirasida mehmonlar Andijon davlat tibbiyot instituti faoliyati bilan yaqindan tanishadilar. Institut talabalari va magistrlari uchun lektsiyalar oʻqiydilar. Bu esa har ikkala tibbiy muassasa mutaxassislarining tibbiy sohadagi bilimlarini chuqurlashtirish va hamkorlik rishtalarini mustahkamlash imkonini beradi.
"Sog`lom avlod uchun" xalqaro xayriya fondining sogʻlomlashtirish dasturi asosida tashkil etilgan ushbu tadbir jismonan baquvvat, ruhan tetik farzandlarni tarbiyalash, onalik va bolalikni muhofaza qilish yoʻlidagi ezgu saʼy-harakatlarni oʻzida mujassam etadi.
Najmiddin Ergashev.