TOShKENT, 8-avgust — Sputnik. O‘zbekiston liberal demokratik partiyasi raisi o‘z xohishiga ko‘ra egallab turgan lavozimidan ozod etildi. Bu haqda partiya a’zosi Rasul Kusherbayev facebookdagi sahifasida ma’lum qilgan.
"O‘zLiDeP siyosiy kengashi majlisida partiya raisi Sodiqjon Turdiyevning rais vazifasidan ozod etish haqidagi arizasini qanoatlantirish haqida qaror qabul qilindi. Rais vazifasini vaqtincha bajarish rais o‘rinbosari lavozimida ishlab kelayotgan Baxtiyor Yoqubovga yuklatildi"- deb yozadi Rasul Kusherbayev.
O‘zLiDeP matbuot xizmati Sputnik muxbiriga partiya siyosiy kengashi majlisi davom etayotganini ma’lum qildi va hozircha ushbu xabarni tasdiqlay olmasligini bildirdi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 13-iyul kuni o‘tgan videoselektor yig‘ilishida mamlakatdagi mavjud siyosiy partiyalar faoliyati qoniqarli darajada emasligini tanqid qilgandi.