TOShKENT, 8-avgust — Sputnik. 7-avgust kuni Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatining chekka hududlarida istiqomat qiluvchi aholini yuqori malakali mutaxassislar ishtirokida chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘riklardan o‘tkazish maqsadida "Salomatlik" poyezdlari Toshkent shahridan jo‘nab ketdi. Bu haqda O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi axborot xizmati xabar bermoqda.
Bugun har ikki hududda ixtisoslashtirilgan markazlar direktorlari boshchiligida o‘nga yaqin tor mutaxassislardan iborat guruhlar o‘z ishini boshladi. Ular tarkibi respublika ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazlari, ilmiy-tekshirish institutlari, respublika klinik shifoxonalarining yetakchi olimlari, tibbiyot fanlari doktorlari va yuqori malakali shifokorlaridan tashkil topgan.
"Salomatlik" poyezdining navbatdagi ko‘riklari Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatining barcha tumanlari aholisiga o‘z hududidan chiqmagan holda respublika darajasidagi sifatli ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam olish imkoniyatini yaratib beradi. Agar bir bemorda bir necha turdagi kasallik aniqlansa, tor soha mutaxassislari konsiliumi asosida unga muolaja tayinlanmoqda.
To‘shakda yotib qolgan qariyalar va bemorlar holidan uyiga borib xabar olinmoqda. Ko‘riklar natijasida aniqlangan bemorlarning ambulator sharoitda viloyat va respublika tasarrufidagi davolash-profilaktika muassasalarida va respublika ixtisoslashtirilgan markazlarida o‘rnatilgan tartibda sog‘lomlashtirilishi ham ko‘zda tutilgan. Urush va mehnat fronti faxriylari va keksalarga chuqurlashtirilgan tekshiruvlardan olingan natijalarga qarab sanator-kurortlarga tavsiyalar berilmoqda.
Joriy yilning 6-iyul kuni O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida sog‘liqni saqlash tizimini yanada takomillashtirish, sohadagi mavjud muammo va kamchiliklarni bartaraf etish masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida mamlakatda tibbiy xizmat sifatini oshirish bilan bog‘liq masalalar muhokama qilingandi. Yig‘ilishda ko‘plab vazifalar qatori hududlarda aholiga yuqori malakali ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam ko‘rsatish uchun "Salomatlik" poyezdlarini tashkil etish vazifasi ham qo‘yilgandi.
Bugunga qadar "Salomatlik" poyezdi Navoiy, Buxoro, Samarqand, Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlari aholisiga tibbiy xizmat ko‘rsatgan edi.