TOShKENT, 3-avgust — Sputnik. Bugun O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi raisi vazifiasini bajaruvchi etib Alixonov Bobur Botirovich tayinlangani haqida xabar bergan edik.
Sputnik muxbiri Bobur Alixonov bilan telefon orqali bog‘lanishga muvaffaq bo‘ldi va unga bir necha savollar bilan murojaat qildi.
- Bobur Botirovich, sizni yangi lavozimga tayinlanganingiz bilan tabriklaymiz. Yangi lavozimda birinchi navbatda qanday ishlarni amalga oshirasiz?
— Biz birinchi qadamni allaqachon qo‘ydik – “O‘zbekiston 24” telekanalini ishga tushirdik. U to‘xtovsiz tartibda ishlamoqda. Yangi kanal bir hafta ichida respublikada reyting bo‘yicha birinchi o‘ringa chiqdi. Lekin, u yerda hali qiladigan ish ko‘p, ijodiy tomondan ham texnik tomondan ham. Bizda oldin hech kim bunday tartibda ishlamagan. Bu birinchisi, shuing uchun ham hali yechimini kutayotgan masalalar ko‘p.
Boshqa kanallarga kelsak, ularning ham ommaviyligini shu darajaga yetkazishga harakat qilamiz. Nima bo‘lganda ham lokomotiv endi bor, boshqalar ham unga yetishga harakat qiladi.
Albatta, bu bir kunda amalga oshmaydi, lekin asosiysi yangi kanal boshqa barcha kanallarga ijobiy ma’noda turtki bo‘ladi. Undan tashqari mamlakatimizda ham hozir ko‘p o‘zgarishlar bo‘lmoqda. Axborot vositalari va televidenie o‘z materiallar sifatini yaxshilash uchun ulkan imkoniyatlar ochilmoqda.
Bundan buyon boshqa kanallarda yangiliklar bilan bog‘liq ko‘rsatuvlar bo‘lmaydi va ular o‘zlarining bor kuchini o‘z yo‘nalishlariga oid ko‘rsatuvlar tayyorlashga qaratadi.
- MTRKning sobiq raisi qayerga ishga o‘tganidan xabaringiz bormi?
— Yo‘q, mening xabarim yo‘q. U o‘z xohishi bilan ishdan ketdi-ku.
- Katta rahmat. Ishlaringizga muvaffaqiyat.