TOShKENT, 28-iyul — Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Respublika ixtisoslashtirilgan terapiya va tibbiy reabilitatsiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi loyiha ilmiy rahbari Anis Lyutfullayevich Alyavi "O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan sog‘liqni saqlash xodimi" faxriy unvoni bilan taqdirlandi, deb xabar qildi Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot-xizmati.
Anis Lyutfullayevich Alyavi — taniqli fan arbobi, terapevt, kardiolog, tibbiyot fanlari doktori, professor, O‘zbekiston terapevtlar assotsiatsiyasining raisi. U yuqori malakali klinitsist, iqtidorli olim, iste’dodli pedagog va mohir tashkilotchi sifatida terapiya va kardiologiya sohasining mamlakatimizdagi rivoji uchun munosib hissa qo‘shib kelmoqda.
Alyavi rahbarligida 22 nafar fan doktori, 52 nafar fan nomzodi yetishib chiqqan.
"Bugun hayotimda eng quvonchli, eng hayajonli kun. Men va men orqali barcha tibbiyot xodimlariga bo‘lgan yuksak e’tibori, beqiyos extiromi uchun, avvalo, davlatimiz rahbariga rahmat aytmoqchiman. Yurtimiz shifokorlari nomidan tibbiyot sohasi rivojiga, qolaversa, xalqimiz salomatligini mustahkamlash yo‘lidagi kamtarona mehnatimizga katta baho berib, doimiy g‘amxo‘rlik ko‘rsatib kelayotganingiz uchun samimiy minnatdorchiligimni bildiraman. Bu juda nufuzli unvon. Uni nafaqat menga, butun yurtimiz shifokorlarining mehnatiga berilgan mukofot, deb bilaman", — degan mukofotlangan Alyavi.