TOShKENT, 27-iyul — Sputnik. Favqulodda vaziyatlar vazirligi joylarda zararli termitlarga qarshi kurashish va zararini kamaytirish bo‘yicha bir qator chora-tadbirlar amalga oshirmoqda, deb xabar qildi vazirlik matbuot-xizmati.
Tadbirlar davomida 589 ta aholi xonadonlari va 58 ta iqtisodiy-ijtimoiy, 11 ta madaniy va tarixiy obektlarda kimoviy ishlov berish ishlari olib borilib, 1257 ta zaharli yem-xo‘raklar o‘rnatildi, 11430 m2 termit tarqalgan dala va maydonlarda zararsizlantirish ishlari amalga oshirildi.
Tadbirlar davomida mutasaddi xizmatlar tomonidan ikki mingdan ortiq fuqarolar ishtirokida 78 marotaba davra suhbatlari o‘tkazilib, 600 dan ortiq eslatmalar tarqatildi.
Bundan tashqari, mahalliy ommaviy axborot vositalarida mazkur yo‘nalishdagi tadbirlarni o‘zida aks ettiruvchi 11 marotaba maqolalar chop etilib, mahalliy teleradiokompaniyalar orqali 9 ta ko‘rsatuvlar hamda 11 ta radioeshittirishlar namoyish etildi.
Yuqorida ko‘rsatib o‘tilgan hududlarda termit bilan zararlangan aholi turar-joylari, madaniy-tarixiy obidalar, ijtimoiy-iqtisodiy obektlarni xatlovdan o‘tkazish, ularga kimoviy ishlov berish hamda aholi o‘rtasida targ‘ibot-tashviqot ishlarini olib borish tadbirlari davom ettirilmoqda.
Fanda termitlarning 2800 turi ma’lum bo‘lib, ulardan 120 turi zararkunanda hisoblanadi. Termitlar o‘simliklar va yog‘ochning tarkibini tashkil etuvchi sellyuloza bilan oziqlanishga moslashgan, shu sababli, aholi turar joylari, ijtimoiy obyektlar va tarixiy obidalarga katta zarar yetkazadi.
Tarixda termitlarning zararli ta’siri natijasida ayrim aholi punktlari, hatto, shaharlarni ko‘chirishga majbur bo‘lishgani to‘g‘risida ma’lumotlar bor.
Termitlarning yashirin hayot tarzi, ekologik tashqi muhit omillaridan himoyalanganligi va termitlar sonining nihoyatda ko‘pligi, ularga qarshi kurash choralari o‘tkazilgan taqdirda ham oz miqdorda qolgan termitlar tezlikda o‘z populyatsiyasini qayta tiklash qobiliyatini saqlab qoladi.