TOShKENT, 27-iyul — Sputnik. Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universitetida 1-avgust kuni o‘tkaziladigan test sinovlarida yangiliklar joriy etiladi. Bu haqda universitet sayti xabar bermoqda.
Xabar qilinishicha, test sinovlari o‘tkaziladigan binoga kirishda abituriyentning mikrokalkulyator, lug‘at, jadval, kitob, uyali telefon, kompyuter, telekommunikatsiya vositalari va shpargalkalar olib kirishga harakat qilgani nazoratchilar tomonidan aniqlansa, o‘sha abituriyentga dalolatnoma tuzilib, u test sinovlariga kiritilmasdan, chetlashtiriladi.
TATU qabul komissiyasining ma’lumotiga ko‘ra, hozirda barcha abituriyentlar nomiga maxsus ogohlantirish xatlari tayyorlandi va ular DTM varaqasini olishga kelgan har bir abituriyentga taqdim etiladi.
Bu yil TATUga 1600 nafar talaba qabul qilinadi. Universitetga kirish uchun 12 234 nafar abituriyent hujjat topshirgan.