TOShKENT, 26-iyul — Sputnik. Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent shahri va viloyatida doimiy propiskasi mavjud bo‘lmagan shaxslar ham uy sotib olish hamda buning evaziga doimiy propiska olish huquqiga ega bo‘lganligi haqida xabarlar tarqalmoqda.
Jumladan, huquqshunos Xushnudbek Xudayberdiyevning yozishicha buning uchun yangi qurilgan uylardan bahosi kamida eng kam oylik ish haqining 2500 baravari miqdorida uy sotib olish kerak. Bu bugungi hisob bo‘yicha 374 mln. 437 ming 500 so‘m bo‘ladi.
Bundan tashqari shartnomaning 5%i miqdorida davlatga to‘lanadigan boj ham bor. Bu kamida 18 mln. 721 ming so‘m bo‘ladi.
Bundan kelib chiqadiki, Toshkent propiskasiga kirish uchun kamida 393 mln. 159 ming so‘m pulingiz bo‘lishi kerak. Shunda ham propiska, ham uy sotib olasiz.
Agar mabodo kimdir yangi uylardan birini sotib olib, uni 3-yil ichida boshqaga sotmoqchi, alishtirmoqchi yoki hadya qilmoqchi bo‘lsa, unda notariusdan rasmiylashtirish uchun eng kam oylik ish haqining 400 baravarini to‘lashi kerak. Bu bugungi kunda 59 mln. 910 ming so‘m degani. Xuddi yangi mashinani 1-yil ichida sotish qimmatligi kabi, yangi uyni 3-yil ichida sotish ham qimmatga tushadi, deb yozgan Xushnudbek o‘z sahifasida.