TOShKENT, 22-iyul — Sputnik. O‘zbekiston, Rossiya, Qozog‘iston va Eron harbiylari "Qurolsoz-usta" xalqaro armiya o‘yinlarida qatnashishadi, deb xabar qildi Rossiya Mudofaa vazirligi axborot departamenti.
"Qurolsoz-usta" xalqaro tanlovida qatnashish uchun Rossiya, Qozog‘iston, O‘zbekiston va Eron harbiylari Xitoyning Shinjon-Uyg‘ur muxtor viloyatiga yetib kelishdi", — deyiladi xabarda.
Aniqlik kiritilishicha, O‘zbekiston va Eronning artilleriya va tank qismlarining ta’mirlash bo‘limlari xalqaro musobaqalarda ilk bor ishtirok etishadi. XXR Mudofaa vazirligining "Korla" poligonida bo‘lib o‘tadigan musobaqalarda besh davlat jamoasi qatnashadi.
Ilgariroq Rossiyaning 100ga yaqin harbiylari ArMI-2017 musobaqalarida qatnashish uchun mazkur poligonga kelgandi, deb yozadi RIA Novosti.
Xalqaro armiya o‘yinlari 14 kun davomida Rossiya, Belorussiya, Ozarbayjon, Qozog‘iston va Xitoyning 22ta poligonida bo‘lib o‘tadi.