Toshkent viloyatida 826 gektar yer maydonlari yoqib yuborilganligi aniqlandi

Obuna bo‘lish
Aybdorlarga nisbatan jami 152,7 million so‘m miqdorida jarima qo‘llanildi

TOShKENT, 19-iyul — Sputnik. Toshkent viloyatida iyun oyidan buyon 826 gektar yer maydonlari yoqib yuborilgan, deb xabar berdi O‘zbekiston Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish qo‘mitasi matbuot xizmati.

"Toshkent viloyatida mavsum boshidan 167 ta fermer xo‘jaliklarining 826 gektar yer maydonlari yoqib yuborilganligi aniqlandi", — deyiladi qo‘mita xabarida. Xabarga ko‘ra, aybdorlarga nisbatan jami 152,7 million so‘m miqdorida jarima qo‘llanildi.

Qo‘mita mutaxassislarining aytishlaricha, 1 gektar maydonda boshoqli don poyasi yoqilganda atmosfera havosiga 500 gramm azot oksidi, 379 gramm uglevodorod, 3 kilogramm kul, 20 gramm is gazi va uglerod oksidi kabi gazlar tashlanadi. Bunda atrof-muhitga jiddiy zarar yetadi, tuproq strukturasi buzilib, tuproq eroziyasi kuchayadi.

O‘zbekiston qonunchiligiga ko‘ra, dala va aholi punktlarida ang‘iz, xazon va shox-shabbalarni yoki o‘simliklarning boshqa qoldiqlarini yoqib yuborish, atmosfera havosini zararli moddalar bilan ifloslantirishga olib kelsa, fuqarolarga eng kam ish haqining uch baravaridan besh baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa besh baravaridan o‘n baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

Yangiliklar lentasi
0