TOShKENT, 16-iyul — Sputnik. O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari general-mayor Davron Nazarmuxamedov 15-iyul kuni Toshkent shahridagi "Turkiston" mehmonxona majmuida Qozog‘iston Respublikasi ichki ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari politsiya general-leytenanti Marat Demeuov bilan uchrashdi, deb xabar qildi O‘zbekiston IIV matbuot-xizmati.
Rahbarlar terrorizm, separatizm, ekstremizm, transmilliy uyushgan jinoyatchilik va noqonuniy migratsiyaning turli ko‘rinishlariga, shuningdek odam savdosiga qarshi kurashishda ikki davlat ichki ishlar organlarining hamkorlik vazifalari mavzularida suhbatlashib, ushbu yo‘nalishda ikkitomonlama hamkorlik masalalarini mustahkamlash, o‘zaro tajriba almashish yuzasidan fikr bildirganlar.
Tashrif kunining ikkinchi yarimida Qozog‘iston delegatsiyasi a’zolari Toshkent shahrining diqqatga sazovar joylari bilan tanishdilar, deb qayd etilgan xabarda.