TOShKENT, 15-iyul — Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Yunusobod tumaniga tashrifi davomida Bo‘zsuv kanali bo‘yida barpo etiladigan bog‘ loyihasi bilan tanishdi. Bu haqda prezident rasmiy veb-sayti xabar bermoqda.
Bog‘da kitob o‘qish uchun maxsus joylar, favvoralar, amfiteatr, ko‘rgazma pavilonlari, sport va sog‘lomlashtirish zonalari, kamonchilar va havaskor baliqchilar klublari tashkil etiladi, zamonaviy attraksionlar o‘rnatiladi. Bog‘ hududga tutash Shahidlar xotirasi xiyoboni bilan o‘zaro uyg‘unlik kasb etadi.
Shavkat Mirziyoyev bu yerni madaniyat va ma’naviyat maskaniga aylantirish, yoshlar, kitobxonlar uchun barcha sharoitlar yaratish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi. Bog‘ni barpo etishda tabiiy relyefdan oqilona foydalanish, turli daraxt va gulzorlarni ko‘paytirish zarurligini ta’kidladi.