TOShKENT, 15-iyul — Sputnik. Nigeriya terma jamoasining sobiq futbolchisi va hozirgi kunda murabbiylik faoliyati bilan shug‘ullanayotgan Chima Mishel Oneke Samvel Babayanning taklifiga ko‘ra O‘zbekiston milliy terma jamoasining murabbiylar shtabida ish boshladi. Bu haqda O‘zbekiston futbol federatsiyasi matbuot xizmati xabar bermoqda.
Milliy terma jamoada jarohatlar epidemiyasi tarqalganligi sababli, qolaversa, keyingi ikki o‘yinga yuqori jismoniy tayyorgarlik ko‘rish maqsadida Samvel Babayan Rossiyaning "Anji" klubida Guus Xiddinkning shtabida ishlagan Onekeni o‘z yordamchilari safiga qo‘shib oldi. U milliy terma jamoaning jismoniy tayyorgarliklar bo‘yicha mas’ul murabbiyi bo‘lib tayinlandi.
Uning asosiy vazifasi milliy terma jamoa futbolchilarining jismoniy formasini qisqa vaqt ichida yuqori cho‘qqiga olib chiqib, bosh murabbiyga optimal tarkib bilan o‘ynash imkoniyatini yaratib berishdan iborat bo‘ladi.
42 yoshli Oneke asli nigeriyalik bo‘lib, Gollandiya pasportiga ega va murabbiylik faoliyatining asosiy qismi Gollandiya bilan bog‘liq. Futbolchi sifatida Nigeriya terma jamoasi sharafini himoya qilgan. Gollandiyada 8 dan ortiq jamoada o‘ynab, faoliyati davomida 65 ga yaqin gol urgan. O‘zbekiston terma jamoasida ish boshlaguniga qadar u Germaniyaning "Shtutgart" klubida jismoniy tayyorgarlik bo‘yicha murabbiy sifatida ishlab kelayotgan edi.
2011 yilning iyulida u gollandiyalik Guus Xiddink va braziliyalik Roberto Karlos bilan birga Maxachqal’aning "Anji" futbol klubida ishladi. O‘sha paytlarda "Anji" Rossiyaning eng kuchli uchligiga kirib, mamlakat Kubogining finaligacha yetib borgandi.
O‘zbekiston terma jamoasi jahon chempionati saralash bosqichida 31-avgust kuni Uxan shahrida Xitoy, 5-sentabr kuni esa Toshkentda Janubiy Koreya bilan o‘ynaydi. Ayni paytda O‘zbekiston 8 o‘yindan keyin 12 ochko to‘plab, to‘g‘ridan-to‘g‘ri qo‘lga kiritilishi mumkin bo‘lgan yagona yo‘llanma uchun kurashda 2-o‘rindagi Koreyadan 1 ochkoga ortda qolmoqda.