TOShKENT, 11-iyul – Sputnik.Qirg‘izistonda prezident saylovi va referendum o‘tkazish masalalari bo‘yicha markaziy komissiyaga yana 3 fuqaro tomonidan hujjatlar topshirildi, deb xabar berdi Sputnik Qirg‘iziston.
Prezidentlik saylovlarida ishtirok etish bo‘yicha "Imperial Development" MChJning 32 yoshli bosh direktori Kuttubek Beshbakov, huquqiy himoya markazining 42 yoshli bosh direktori Igor Trofimov hamda vaqtincha ishsiz bo‘lgan 46 yoshli Maksatbek Jumabekov o‘z hujjatlarini topshirganlar.
Shu kunga qadar Markaziy saylov komissiyasiga prezidentlik saylovlarida ishtirok etish uchun 19 fuqaro va uchta siyosiy partiya nomzodlari hujjat topshirgan.
Prezidentlikka nomzodlarni ko‘rsatish joriy yil 1-avgustiga qadar davom etadi. Prezident saylovlari 15-oktabrda o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Qirg‘iziston prezident vakolatlari bir muddat bilan cheklangan Markaziy Osiyodagi yagona davlat hisoblanadi. Qirg‘iziston prezidenti Almazbek Atambayev Konstitutsiyaning bu moddasiga qat’iy amal qilishini bir necha marta bildirgan edi.