TOShKENT, 12-iyul — Sputnik.Tojikiston talabalari ilk marta O‘zbekistonda soddalashtirilgan tartibda tahsil olishlari mumkin. Bu haqda O‘zbekistonning Tojikistondagi elchixonasi ma’lumotiga asoslanib RIA Novosti xabar qildi.
"2017/2018 o‘quv yilidan Toshkent davlat yuridik universitetiga tojik talabalarini soddalashtirilgan tartibda qabul qilish boshlanadi. Tojikiston fuqarolari TDUUga kvotadan tashqari to‘lov-kontrakt asosida o‘qishga kirishlari mumkin. Buning uchun ular imtixon topshirishlari shart emas, faqatgina suhbatdan o‘tadilar", — dedi agentlik suhbatdoshi.
Eslatib o‘tamiz, Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 2-iyundagi qaroriga muvofiq Toshkent davlat yuridik universiteti (TDUU) bakalavriatiga xorijiy fuqarolarni qabul qilish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlangan edi.
TDUU Boston kollejining huquq Maktabi, Kapitoliy Tuluza 1, Nagoya, Osaka, siyosat va huquq bo‘yicha Shimoli-g‘arbiy (Xitoy, Sian) va Sharqiy universitetlari bilan xalqaro aloqalar va loyihalarni yo‘lga qo‘ygan.