TOShKENT, 11-iyul — Sputnik. O‘zbekiston davlat konservatoriyasida 10-13 iyul kunlari "Nihol" davlat mukofoti uchun yakuniy saralash bosqichi bo‘lib o‘tmoqda, deb xabar berildi O‘zbekiston madaniyat vazirligi veb saytida.
Bu yilgi "Nihol" mukofoti tanlovining tuman (shahar) saralash bosqichlarida 13 ming nafardan ortiq ijodkor yoshlar ishtirok etdi. Yakuniy bosqichga 171 nafar nomzod tavsiya etilgan.
Tanlov g‘oliblarini tantanali taqdirlash marosimi 15-avgust kuni "Istiqlol" san’at saroyida o‘tkaziladi.
"Nihol" mukofoti Vazirlar Mahkamasining qarori bilan 2000-yil 25-avgustda ta’sis etilgan. Tanlov 2000-yildan buyon har yili an’anaviy tarzda o‘tkazib kelindi hamda 2011-yildan boshlab har ikki yilda bir marta o‘tkazilmoqda.
"Nihol" mukofoti sovrindorlari o‘z yo‘nalishi bo‘yicha oliy o‘quv yurtiga imtihonsiz va test sinovlarisiz davlat granti asosida o‘qishga kirish imkoniyati, "Nihol" ramzi aks ettirilgan sovrin va eng kam oylik ish haqining 70 baravari miqdoridagi pul mukofotiga ega bo‘ladilar.
Shu kungacha ushbu mukofot sovrindorlaridan 1 nafari O‘zbekiston xalq artisti, 17 nafari O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist, 6 nafari Qoraqalpog‘istonda xizmat ko‘rsatgan artist unvonlari bilan taqdirlangan.