TOShKENT, 8-iyul — Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Namangan viloyatiga tashrifining ikkinchi kuni Namangan tumanidagi "Merrymed Farm"mas’uliyati cheklangan jamiyatida bo‘ldi. Bu haqda prezidentning rasmiy veb-saytida xabar qilinmoqda.
"Merrymed Farm" mas’uliyati cheklangan jamiyati xitoylik hamkorlar ishtirokida tashkil etilgan. Korxona faoliyati farmatsevtik mahsulotlar ishlab chiqarish, saqlash, transport-logistika, marketing jarayonlarini to‘laligicha o‘zida qamrab olgan. Ish jarayoniga yuqori texnologik uskunalar va elektron axborot nazorat qilish tizimlari joriy etilgan.
Bu yerda import o‘rnini bosuvchi 10 farmakologik guruhdagi 100 dan ortiq turdagi dori vositalarini ishlab chiqarilmoqda.
Korxona o‘simlik va sintetik xomashodan dori vositalari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan. Qator soliq va bojxona imtiyozlari tufayli korxonada so‘nggi yillarda ishlab chiqarish hajmi sezilarli darajada ortdi. Tabletkalar, kapsulalar, mazlar, galen mahsulotlari, suspenziyalar, infuziyalar, inyeksiyalar, quruq kukun ko‘rinishidagi antibiotiklar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgan. Korxona zamonaviy farmatsevtik uskunalar bilan jihozlangan. Korxonada 300 ga yaqin ishchi mehnat qiladi.
Shavkat Mirziyoyev korxona faoliyati bilan tanishdi. Ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar, ishchilarga yaratilgan sharoitlar bilan qiziqdi. Korxonada amalga oshiriladigan yangi loyihalar haqida ma’lumot berildi.
"Sohani yanada rivojlantirish uchun dunyo tajribasini o‘zlashtirish kerak. Bu borada import o‘rnini bosuvchi, sifatli dorilar ishlab chiqarishga alohida e’tibor qaratish lozim", dedi Shavkat Mirziyoyev.