TOShKENT, 7-iyul — Sputnik, Dilshoda Rahmatova. "Feysbuk" ijtimoiy tarmog‘ida "masxaraboz" rolini ijro etib, kun bo‘yi kulgili hazil qatralarni chop etadigan Dima Qayumni bugun hech ikkilanmasdan "ijtimoiy tarmoq yulduzi" deb atash mumkin.
Qahramonimizning asl ismi — Dilshod Boltaboyev bo‘lib, kasbi esa — tadbirkorlik. Dima Qayumning aytishicha, ijtimoiy tarmoqlarda faolligi tadbirkorlik bilan shug‘ullanishiga xalal bermas ekan. "Ilhom kelganida yozaman, ilhom esa juda tez-tez keladi", — dedi u savolimga javoban.
- Aytingchi, latifalaringizni yozish uchun ilhomni qayerdan olasiz?
— Aslida yozayotganlarim latifa emas, insonni o‘ylantiradigan, mushohada qilishga undaydigan chuqur fikrlar, deb bilaman.
To‘g‘ri, orasida tarjimalar ham bor, axir men Petrosan emasman-ku.
- Unda masxaraboz desak-chi, sizni?
— Shunday desangiz to‘g‘riroq bo‘ladi. Chunki ko‘proq xalq hech kimga ayta olmagan dard-alamlarini hazil tariqasida ommaga havola etaman.
- Unda ayting-chi, ijtimoiy tarmoqda masharabozlik qilish fikri qanday tug‘ildi?
— Aniq esimda yo‘q, lekin uch yoki to‘rt yil oldin "Feysbuk" ijtimoiy tarmog‘iga a’zo bo‘lganman. Boshida boshqalar tomonidan chop etiladigan postlarni e’tibor bilan o‘qirdim. Jiddiy mavzular ko‘p, hazil esa kam ekan. O‘sha vaqtdan e’tiboran latifamonand qatralar yozishni boshladim. Axir kulgini sevadigan xalqmiz, qolaversa, o‘zim ham askiya o‘chog‘i bo‘lmish — Farg‘onada dunyoga kelganman.
- Yangilaridan bormi?
— Robot onaning qiziga nasihati: "u yigit senga uylanmaguncha, chipingni ko‘rsatma, xo‘p".
- Qishloqdoshlaringiz Feysbukdagi faolligingizga qanday munosabat bildirishadi?
— Qishloqdoshlarimdan sanoqli odamlargina xabardor.
- Ota-onangiz, rafiqangiz-chi?
— Ota-onam biladi, indashmaydi, xotinim esa menga emas, shu Feysbukka uylansangiz yaxshi edi, deydi…
- Hazillaringizni kitob qilib chiqarayotgan ekansiz, shu rostmi?
— Ha, shu bugun aytishdi, kitob nashrga tayyor bo‘libdi. Muharrirlar kitobni "Men kim Dima Qayum", deb nomlashibdi.