TOShKENT, 3-iyul — Sputnik. Bugun Toshkentdagi Do‘stlik bog‘ining "Seul-park" burchagida koreys xalqining O‘zbekistonga ko‘chib kelganining 80-yilligiga bag‘ishlangan yodgorlik ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Marosimda Toshkent hokimi Raxmonbek Usmanov va Seul meri Pak Von Sun ishtirok etishdi.
Yodgorlik bir necha yil davomida yaratilgan. O‘tkazilgan tanlovlarda Toshkent viloyati Yuqorichirchiq tumanida yashovchi, Benkov nomli Toshkent Baddiy san’at o‘quv yurtini tugatgan Artur Kvonning ishi g‘olib chiqqan. Bundan oldin Kvon Navoiy teatrining ta’mirlash ishlarida ham rahbarlik qilgan.
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan asrning 30-yillarida o‘n minglab koreys millati vakillari majburiy ravishda Uzoq Sharq o‘lkasidan O‘rta Osiyoga, asosan O‘zbekistonga ko‘chirilgan edi. Bugungi kunda O‘zbekistonda koreyslar soni 200 mingga yaqin.