TOShKENT, 2-iyul — Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Alisher Sa’dullayevni Xalq ta’limi vazirining yoshlar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari etib tayinladi, deb xabar qilmoqda Qalampir.uz nashri.
Bundan oldin, Alisher Sa’dullayev O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi (sobiq "Kamolot") ning IV Qurultoyida so‘zga chiqib, O‘zbekistonda yoshlarga til o‘rgatish istiqbollari haqidagi o‘z mulohazalarini Shavkat Mirziyoyevga yetkazgan edi.
Prezident, tajriba tariqasida, majlisning o‘zida Alisher Sa’dullayevni Xalq ta’limi vazirining yoshlar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari etib tayinlagan.
Alisher Sa’dullayev 1994-yilning 11-iyulida Jizzax viloyatining Jizzax tumanida tug‘ilgan. Toshkent shahridagi Singapur menejmentni rivojlantirish institutini tamomlagan. Alisher Navoiy nomidagi milliy kutubxona qoshidagi "YES" klubida 2014-2015 yillar oralig‘ida yetakchilik qilgan.
Yig‘ilishning ertasi 1-iyun kuni Alisher Sa’dullayev yangi muovun sifatida vazirlik xodimlariga tanishtirilgan.
Muallif: Musulmonbek Ibrohimov