O‘zbek jurnalisti Qozog‘istonda medal bilan taqdirlandi

Obuna bo‘lish
Ziyouz portali rahbari "O‘qiyotgan dunyoda kitobxon millat" xalqaro simroziumida ishtirok etdi va Qozog‘iston Respublikasining "Kutubxona ishining ustasi" medali bilan taqdirlandi

TOShKENT, 28-iyun — Sputnik. Astana shahrida Expo-2017 doirasida 26-27 iyun kunlari bo‘lib o‘tgan "O‘qiyotgan dunyoda kitobxon millat" xalqaro simroziumida ishtirok etgan ziyouz portali rahbari Davronbek Tojialiyev Qozog‘iston Respublikasining "Kutubxona ishining ustasi" medali va Turkiya Respublikasi tarix va madaniyat assotsiatsiyasi nishoni bilan taqdirlandi.

Butun dunyodan 400 nafar ziyolilarni jamlagan ushbu anjumanni Qozog‘iston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vazirligi, Qozog‘iston Respublikasi Milliy akademik kutubxonasi va Qozog‘iston madaniyat ilmiy-tadqiqot instituti tashkil etgan.

Xalqaro simroziumi doirasida "5-Turkiy tilli o‘lkalar milliy kutubxonalari rahbarlari xalqaro konferensiyasi" ham bo‘lib o‘tdi. Ushbu konferensiyada Ziyouz elektron kutubxonasi rahbari Davronbek Tojialiyev "Elektron kutubxona ma’lumotlar bazasini saqlashning muhim xususiyatlari" mavzusida ma’ruza qilgan va Ziyouz elektron kutubxonasi haqida taqdimot o‘tkazgan.

"Anjumanning birinchi kunida "Mutolaa va tafakkur", "Bolalar va yoshlar orasida kitobxonlikni targ‘ib etish", "Biz nega o‘qiymiz?", "XX asrgacha bo‘lgan turkiy manbalar" kabi mavzularda qiziqarli ma’ruzalar bo‘lib o‘tdi. Shundan so‘ng ishtirokchilar Astana shahrida bo‘lib o‘tayotgan Expo-2017 xalqaro ko‘rgazmasiga taklif qilindilar", — deb qo‘shimcha qilgan Davronbek Tojialiyev.

"O‘qiyotgan dunyoda kitobxon millat" xalqaro simroziumi doirasida "Turkiy dunyo ranglari" fotoko‘rgazmasi ham o‘tkazilgan va unda O‘zbekistondan Muhiddin Alining 10 ta surati namoyish etilgan.

Bizning Telegramdagi o‘zbekcha kanalimizga obuna bo‘ling va eng yangi xabarlarni birinchi bo‘lib o‘qing.

Yangiliklar lentasi
0