TOShKENT, 25-iyun —Sputnik. Bugun Rossiyaning millionlab musulmonlari Ramazon hayit bayramini nishonlashmoqda.
Ramazon hayiti muqaddas Ro‘za oyi tugashi munosabati bilan nishonlanadigan bayram bo‘lib musulmonlarning eng katta bayramlaridan biri hisoblanadi. Arab tilida Ramazon hayiti “Id al-Fitr” deb nomlanadi. Aytishlariga qaraganda, ushbu bayramni Muhammad payg‘ambarning o‘zi 624-yilda ta’sis qilgan.
“Rossiya imomlari Hayit namozida aytiladigan xutbalarida, Ramazon oyi tugasa ham, bizning yaxshi ishlarimiz, yaxshi niyatlarimiz va namozlarimiz doimiy va muddatsiz bo‘lishi kerakligini, musulmonlar ushbu oyida jamlagan ruhiy kuch va quvvatlari butun yil davom etib, kelasi Razon oyiga qadar yetishini tilab qolamiz”, — dedi Rossiya Muftiylar kengashi raisi o‘rinbosari Rushan Abbasov RIA Novosti muxbiriga.
Hayit xarji
Qadimdan barcha musulmon mamlakatlarida Ramazon hayiti kuni “Zakot ul-Fitr” ya’ni Hayit munosabati bilan to‘planadigan xayr-ehson puli jamlab uni muhtojlarga yordam sifatida berish odat bo‘lgan.
Bu yil Rossiyada muftiylar kengashi tomonidan Hayit xarji kam ta’minlangan fuqarolar uchun 100 rubl, o‘rta ta’minlangan fuqarolardan 300 rubl va daromadi yaxshi bo‘lgan fuqarolardan 500 rubl sifatidan belgilangan.
Moskvada bayram tantanalari
Moskvada Jome’ masjidi Ramazon hayiti kutib olinadigan bosh maydon sifatida belgilangan. Moskva Jome’ masjidi musulmonlar uchun bugun tong soat 03:30 dan ochildi. Soat 07:00 da hayit namozi boshlandi. Unga Rossiya Muftiylar kengashi raisi shayx Ravil G‘aynuddin yetakchilik qildi.
Rossiyaning yetakchi telekanallari ushbu marosimdan reportajlar tayyorlashdi.
Shuningdek, Hayit namozi, Moskvaning “Tatarskiy” kichik ko‘chasidagi qadimiy masjidda, “Poklonnaya gora” memorial majmuasidagi masjidda va mahalliy hukumat ushbu tadbir uchun ajratgan boshqa bir necha maydonlarda bo‘lib o‘tdi.
Ushbu munosabat bilan shaharning Hayit namozi o‘qiladigan bir necha ko‘chalarida tong soat 04:00 dan 11:00 ga qadar avtomobil harakati cheklandi. Masjidlarga yaqin bo‘lgan bir necha metro bekatlariga kirish ham bir necha soatga cheklandi. Undan tashqari shaharning odam gavjum joylarida alohida xavfsizlik choralari ko‘rildi.
Eslatib o‘tamiz, shu kunlarda Moskva, Sankt-Peterburg, Qozon va Sochida Konfederatsiyalar kubogi musobaqalari bo‘lib o‘tmoqda. Unga dunyoning o‘nlab mamlakatlaridan minglab tomonabinlar va mehmonlar kelishgan.