TOShKENT, 23-iyun — Sputnik. O‘zbekiston Futbol federatsiyasida JCh-2018 saralsh bosqichida Xitoy va Janubiy Koreyaga qarshi o‘yinlarga tayyorgarlik ko‘rish borasida yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Yig‘ilishga Samvel Babayan rahbarlik qildi.
Yig‘ilishda tasdiqlangan rejaga ko‘ra milliy terma jamoa a’zolari 17-23 iyul knulari xorijda o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlarini o‘tkazadi. Yig‘in doirasida 2 ta nazorat o‘yinini o‘tkazish belgilangan. Shuningdek, yig‘inda yangi futbolchilarni sinovdan o‘tkazish masalasi ustuvor vazifa sifatida kun tartibiga kiritilgan.
Terma jamoaning ikkinchi yig‘ini 20-avgustdan boshlanadi. 24 yoki 25-avgustda Toshkentda o‘rtoqlik uchrashuvini tashkil qilish ko‘zda tutilgan. Ayni paytda O‘zbekiston Futbol Federatsiyasi Janubi-sharqiy Osiyo jamoalari bilan o‘rtoqlik uchrashuvini o‘tkazish borasida muzokaralar olib bormoqda.
31 avgust kuni Vuxan shahrida Xitoy termasiga qarshi bo‘lib o‘tadigan JCh–2018 saralash o‘yiniga O‘zbekiston terma jamoasi 28-avgustda jo‘nab ketishni rejalashtirayapti. Delegatsiya Xitoy bilan o‘yinni tugatiboq 1-sentabr kuni kechasi Toshkentga qaytib keladi va 5-sentabrdagi Janubiy Koreya bilan o‘yinga tayyorgarlik ko‘radi.