TOShKENT, 23-iyun — Sputnik. Kuni kecha O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Farg‘ona viloyatiga tashrif uyushtirgan edi. O‘z safari davomida prezident Qo‘qon shahrida ham bo‘ldi, deb xabar qildi O‘zbekiston hukumat portali.
"Shaffof metan sanoat" MChJ tomonidan Qo‘qon shahrida shu yo‘nalishdagi zamonaviy korxona tashkil etish rejalashtirilgan. Buning uchun eski "Qo‘qonmash" zavodining bo‘sh turgan binolarida zamonaviy texnologiya o‘rnatiladi. Yiliga 100 ming dona gaz balloni ishlab chiqarish va avtotransport vositalariga o‘rnatish yo‘lga qo‘yiladi. Korxonada 30 ish o‘rni yaratiladi.
Davlat rahbari ushbu mahsulotlarga bo‘lgan talab bilan qiziqdi. "Gaz bilan yuradigan transport vositalari ko‘paysa, benzin va dizel yoqilg‘isiga talab kamayadi. Natijada sohadagi xizmatlar arzonlashadi, imkoniyatlar kengayadi", dedi Mirziyoyev.
Mahsulot tannarxini arzonlashtirish, ishlab chiqarishni ikki barobar oshirish, sohaga ixtisoslashgan mutaxassislar tayyorlash bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi, deb ta’kidlandi xabarda.
Bizning Telegramdagi o‘zbekcha kanalimizga obuna bo‘ling va eng yangi xabarlarni birinchi bo‘lib o‘qing.