TOShKENT, 22-iyun — Sputnik. O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston "Adolat" SDP fraksiyasining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi, deb xabar berdi O‘zbekiston Hukumat portali.
"Qarorga muvofiq, tuman markaziy ko‘p tarmoqli poliklinikalari rahbarlari va mutaxassislari xalq deputatlari shahar kengashi sessiyalarida har chorakda hisobot berishi yo‘lga qo‘yildi. Tibbiy xizmat sifati yuzasidan parlament va jamoatchilik nazorati o‘rnatilishi aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmat sifatini muntazam yaxshilab borishga, mavjud kamchilik va muammolarni qisqa muddatlarda bartaraf etish imkonini beradi", deb ta’kidlangan xabarda.
"Qaror asosida Toshkent shahri oilaviy poliklinikasi, tuman markaziy ko‘p tarmoqli poliklinikasi to‘g‘risidagi namunaviy nizomlar va tuzilmalar, birlamchi tibbiyot-sanitariya yordami, tez tibbiy yordam muassasalari hamda statsionar tibbiyot tashkilotlarining o‘zaro hamkorlik qilish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi, — deydi "Adolat" sotsial-demokratik partiyasi fraksiyasi a’zosi O‘.Xolov. — Bu ham mazkur muassasalar faoliyatida qonuniylik va oshkoralikni ta’minlash hamda aholiga uzluksiz tibbiy xizmat ko‘rsatish tizimini sifat jihatdan yanada yaxshilaydi".
"Qarorda tibbiyot xodimlari faoliyatini baholash natijalari asosida ularni moddiy rag‘batlantirish tizimini o‘z ichiga oladigan Nizom loyihasini ishlab chiqish va 2017-yilning 1-oktabridan boshlab amaliyotga kiritish nazarda tutilgan, — deydi "Adolat" sotsial-demokratik partiyasi fraksiyasi a’zosi M.Dadaxo‘jayeva. — Bu soha mutaxassislarining mas’uliyatini yanada oshirish barobarida ularni moddiy rag‘batlantirish mexanizmlari joriy etishda ham muhim ahamiyat kasb etadi".
Mazkur qarorda Toshkent shahrining tuman markaziy ko‘p tarmoqli va oilaviy poliklinikalari rahbarlari va mutaxassislariga aholini ko‘p uchraydigan kasalliklardan profilaktika qilish, davolash bo‘yicha alohida bemorlar hamda butun oila darajasida tibbiy xizmatlar ko‘rsatish, aholiga malakali birlamchi, tibbiy-sanitariya yordami ko‘rsatish, tug‘ruq yoshidagi ayollar, o‘smir qizlar, yolg‘iz keksalar, nogironlar, o‘zgalar ko‘magiga va ijtimoiy yordamga muhtoj shaxslar o‘rtasida doimiy patronaj ishlarini amalga oshirish kabi vazifalar belgilangan.
Bu vazifalarning samarali bajarilishi nogironlikni kamaytirish, aholi o‘rtasida yuqumlik kasalliklar tarqalishini bartaraf qilish, tibbiy madaniyatni yanada oshirishga xizmat qiladi.
Bizning Telegramdagi o‘zbekcha kanalimizga obuna bo‘ling va eng yangi xabarlarni birinchi bo‘lib o‘qing.