TOShKENT, 17-iyun — Sputnik. O‘zbekistonning eng yirik korxonalaridan biri bo‘lgan Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodi faoliyati qayta ko‘rib chiqilib uning yo‘nalishi o‘zgartiriladi. Bu haqida jurnalistlarga “O‘zbekneftegaz” XK boshqarma raisi Alisher Sultonov xabar qildi.
Bugungi kunda O‘rta Osiyoda yagona bo‘lgan ushbu zavod neftdan 35 xil mahsulot ishlab chiqarishga moslashgan texnologik qurilmalarga ega. Bugungi kunda korxonaning daromadi kam hamda u chuqur modernizatsiya qilishga muhtojdir.
“Biz hozir Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodidan qanday foydalanishni o‘ylayapmiz. Hech kim uni yopmoqchi emas. O‘rta Osiyoda yagona bo‘lgan ushbu korxonaning salohiyati ulkandir. Zavodni keng ko‘lamli zamonaviylashtirish va qayta yo‘naltirish kutmoqda”, — dedi Alisher Sultonov.
Xoldig rahbariningso‘zlariga ko‘ra korxona Sovet Ittifoqi davrida qurilgan. Neft kimyo mahsulotlari, moylar, maishiy kimyo mahsulotlari ishlab chiqarish bo‘yicha korxonaning salohiyati juda ulkandir. Undan tashqari zavodda oliy darajadagi mutaxassislar faoliyat ko‘rsatmoqda. Shuning uchun ham zavodning kelajagi porloq va unpi rivojlantirish kerakdir, deb hisoblaydi Sultonov.
Uning so‘zlariga ko‘ra, ayni damda “O‘zbekneftegaz” zavodni rivojlantirish maqsadida chet ellik sarmoyadaorlarni taklif qilish bilan shug‘ullanmoqda. Masalan, AQShning ExxonMobil kompaniyasi bu borada O‘zbekistonga o‘z taklifini kiritdi.
Eslatib o‘tamiz Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodi o‘zining 55-yillik tarixi davomida 60 xildan ortiq neft-kimyo va xalq iste’moli mahsulotlari ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ygan.