TOShKENT, 17-iyun — Sputnik. Markaziy bank rahbariyatining butunlay yangilanishi, valyuta almashtirish erkinlashishi haqidagi xabarlar hamda konvertatsiya ochilganda dollar kursi qanday bo‘lishi haqida uz24.uz nashriga mustaqil moliya eksperti Aleksandr Davletov javob berdi.
“Hozir prezidentga ishonch darajasi juda baland, shuning uchun jamiyat har qanday o‘zgarishlarga tayyor, chunki fuqarolarning o‘zi ham islohotlarni kutishmoqda. Undan tashqari Markaziy bankning yangi rahbariyatiga ham keng erkinlik berilgan. Xullas, hozir konvertatsiya ochilishi uchun sharoit qulay.
Men shaxsan o‘zim boshida “shok terapiyasi” tarafdoriman. Bunday holda hukumatning asosiy vazifasi mamlakatning oltin-valyuta rezervlarini hamda ijobiy savdo balansini saqlab qolishga qaratilgan bo‘lishi kerak. Ya’ni kursni ma’lum darajada saqlab turish uchun bir tiyin ham sarf qilmaslik kerak. Shuningdek, valyuta kursining tushib ketishiga aralashmaslik kerak. Mayli valyuta kursi o‘zining eng past nuqtasiga yetib borsin. Ana shunda u o‘zining haqiqiy narxini topadi va ijobiy savdo balansini ta’minlaydi.
Albatta, bunday holda umumiy makroiqtisodiy ko‘rsatkichlar biroz zarar ko‘radi: YaIM o‘sishi sekinlashadi yoki butunlay to‘xtaydi, inflyatsiya va ishsizlik ko‘rsatkichlari ikki xonali songacha o‘sishi mumkin. Lekin shu bilan birga iqtisod sog‘lomlanib keraksiz ballastdan ozod bo‘ladi. Ushbu jarayonlardan albatta o‘tish kerak.
Xo‘sh, konvertatsiya ochilsa, boshida qanday kurs bo‘lishi mumkin?
Ayni damda O‘zbekistonda aslida 5 xil kursdan foydalanilmoqda: MB rasmiy kursi, valyuta birjasi kursi, tijorat banklari kursi, komissiya shartnomalari kursi hamda “qora bozor” kursi. Agar so‘m "erkin suzishga" chiqarilsa, dollar o‘zining eng baland narxidan 10-15 % yuqoriga chiqishi mumkin. Bu ham jarayon boshida yuz berishi mumkin bo‘lgan olib-sotarlik va boshqa faktlar hisobidan.
Shunday qilib, dollarning dastlabki kursi 10 500 so‘m bo‘lishi va keyinchalik, bozor tinchlanganidan keyin 7500 – 8000 so‘mgacha tushishi mumkin”, — dedi ekspert.