TOShKENT, 17-iyun — Sputnik. Rossiyada FIFA tasarrufi ostida o‘tkaziladigan Konfederatsiyalar kubogi-2017 musobaqasi bo‘lib o‘tadi.
Konfederatsiyalar kubogi 2017-yilning 17-iyundan – 2-iyulga qadar Rossiyaning 4 shahrida: Qozon, Sochi, Sankt-Peterburg va Moskvada bo‘lib o‘tadi. Musobaqalar ochilish marosimida Rossiya estradasining Alsu, Lazarev, DJ Smash kabi yulduzlari o‘z qo‘shiqlarini ijro etishadi.
Musobaqaning ochilish o‘yini Rossiya va Yangi Zelandiya terma jamoalari orasida Sankt-Peterburgdagi "Stadion Sankt-Peterburg"da bugun mahalliy vaqt bilan soat 18:00 da boshlanadi.
OAVlar xabariga ko‘ra, ushbu o‘yinga Rossiya prezidenti Vladimir Putin ham tashrif buyurishi kutilmoqda.
“Biz ushbu musobaqaga olti yil tayyorgarlik ko‘rdik. To‘rtta stadion, 12 ta mashg‘ulotlar bazasi, bitta arbitrlar bazasi qurildi. Musobaqaga tashrif buyurganlarni olib yurish uchun 262 ta bepul poyezdlar tashkil qilindi. Ushbu tadbirni tashkil qilish uchun 6 ming nafar ko‘ngillilar ishlamoqda. Musobaqa tufayli bizning mamlakatga minglab turistlar keladi”, — dedi “Rossiya-2018” JCh tashkiliy qo‘mitasi raisi Aleksey Sorokin.
Eslatib o‘tamiz, Konfederatsiyalar kubogi Jahon chempionatidan bir yil oldin mezbon mamlakatda bo‘lib o‘tadi va mundialning o‘ziga xos “mashqi” hisoblanadi. Unda barcha qit’alarning chempionlari, Jahon chempionati g‘olibi va mezbon davlat ishtirok etadi.
Bu safargi Konfederatsiyalar kubogida Germaniya, Portugaliya va Chili kabi dunyoning yetakchi terma jamoalari qatnashadi.