TOShKENT, 11-iyun — Sputnik. Toshkentdagi eski hayvonot bog‘i hududida Bobur nomidagi yangi markaziy eko bog‘ ochildi, deb xabar qildi Sputnik O‘zbekiston muxbiri.
Aytish joizki, Toshkent aholining aksariyati sobiq hayvonot bog‘i to‘siqlarini ancha vaqtdan buyon bezab, "olib borilayotgan keng ko‘lamli qurilish ishlarini" bekitib turgan bilbordlarda aks etgan bu g‘aroyib dizaynli parkning ochilishini ancha vaqtdan buyon intiqlik bilan kutib kelayotgan edi.
Avvaliga park Navro‘zga yaqin, mart oylarida ochiladi, deya va’da qilingan edi. Ammo qurilish ishlari cho‘zilib ketdi. O‘tgan hafta oxirlarida park 10-iyun kuni ochilishi to‘g‘risida ma’lumotlar paydo bo‘ldi. Tabiiyki, odamlar yana g‘aroyib bir voqea sodir bo‘lishini kuta boshladilar.
"Men bu haqda Feysbukda o‘qib qoldim va o‘sha zahotiyoq parkning ochilish marosimiga boraman, deya qaror qabul qilgan edim. Shu yerga yaqin joyda yashaymiz, farzandim bilan har kuni sayrga chiqqanimda park go‘zalligidan qachon bahramand bo‘lar ekanmiz, deya kutib kelayotgandim. Ammo derazamizdan qurilish ishlari hali oxiriga yetkazilmagani ko‘rinib turardi. Bugun bu yerga kelib, ochig‘i bir oz hafsalam pir bo‘ldi. Soya-salqin joylar deyarli yo‘q, va’da qilingan maydonchalar ham, qolaversa, oilaviy kafelardan ham darak yo‘q", — deya fikr bildirdi Toshkentda istiqomat qiluvchi Go‘zal.
Parkni loyihalashtirish bilan shug‘ullangan Design House kompaniyasi vakili esa Sputnik O‘zbekiston muxbiriga ekoparkda olib borilayotgan barcha ishlar to‘liq faqat sentabr oxirlariga kelib tugallanishini ma’lum qildi.
Toshkentliklar yangi ochilgan parkda salqin joylar yoxud oilaviy hordiq chiqarsa bo‘ladigan hududlarni topa olmaganliklari kamdayin, loyiha mualliflari tomonidan va’da qilingan ekoparkning barchaga manzur keladigan, eng qiziqarli joylaridan biri — nikohlar qayd etiladigan, bolalar tug‘ilgan kunlarini nishonlasa bo‘ladigan — Muhabbat orolini ham topa olmadilar.
Orol — ochilish marosimi kuni sahna sifatida xizmat ko‘rsatdi. Park ochilishi marosimi sharafiga bu yerda estrada yulduzlari chiqish qildilar.
Ekopark maydoni 12 gektarga cho‘zilgan. Bu yerda yugurish yo‘lakchalari, veloyo‘lakchalar, mini futbol uchun maydonchalar, plyaj voleyboli, trenajerlar hamda 2ta tennis korti mavjud.
Sport maydonchalari qarshisida kiyim almashtirish va dush qabul qilish xonalari joylashgan. Bolalar uchun ham o‘yin maydonchalari bor, biroq attraksionlar o‘rnatilmagan.
Bog‘ hududiga kiriladigan har ikki darvoza (turar-joy mavzesi va Maxtumquli ko‘chasi) tomonda avtoturargohlar barpo etilgan. Qurilish ishlarida ekologik materiallar va gabion — tosh bilan to‘ldirilgan to‘rlardan foydalanilgan.
Ekopark ochilishi marosimi munosabati bilan 100 kg guruchdan osh damlandi va barcha xohlovchilarga bepul tarqatildi. Mahalliy brendlardan biri esa bepul ichimliklar tarqatdi.
Park ochilish marosimida Toshkent hokimi Rahmonbek Usmonov va Mirzo-Ulug‘bek tumani hokimi Sherzod Kudbiyevlar ishtirok etishdi
Bizning Telegramdagi o‘zbekcha kanalimizga obuna bo‘ling va eng yangi xabarlarni birinchi bo‘lib o‘qing.