TOShKENT, 8-iyun — Sputnik. Shu yilning 4-iyun kuni O‘zbekiston Birinchi ligasi 13-turida "Surxon" jamoasi Termizda "Andijon" klubini qabul qilib, 2:2 hisobida durang o‘ynagan edi.
Uchrashuvning 90+4-daqiqasida har ikki jamoaning 4 nafardan futbolchisi, shuningdek, «Surxon" shifokori maydondan chetlatilgan.
Bunga maydonda futbolchilar o‘rtasidagi janjal va mushtlashuv sabab bo‘lgan. Bunga quyidagi videolavhada guvoh bo‘lish mumkin. Ma’lumot uchun: Sariq kiyimda "Surxon", oq kiyimda "Andijon" futbolchilari.
O‘zbekiston PFL tartib-intizom qo‘mitasi qaroriga ko‘ra, "Surxon" va "Andijon" futbol klublari jarimaga tortildi.
"Surxon" klubidan: yarim himoyachi Timur Mamadaliyev 9ta uchrashuvga chetlatildi va jarimaga tortildi. Himoyachi Sanjar Shomurodov mavsum oxiriga qadar chetlatildi va jarimaga tortildi. Himoyachi Najmiddin Normurodov 5ta uchrashuvga diskvalifikatsiya qilindi va jarimaga tortildi. Hujumchi Akmal Abdurahmonov 2ta uchrashuvga chetlatildi va jarimaga tortildi. Klub vrachi Fahriddin Abdusamatov agressiv xatti-harakatlari hamda "Andijon" PFK futbolchisiga jarohat yetkazgani uchun egallab turgan lavozimidan chetlatildi va bundan buyon O‘FF hamda PFL tasarrufidagi musobaqalarda ishlash vakolatidan mahrum etildi.
"Andijon" klubidan: yarim himoyachi Ibrohim Otaxonov 4ta o‘yinga chetlatildi va jarimaga tortildi. Yarim himoyachi Farhod Bekmurodov 3ta uchrashuvga chetlatildi va jarimaga tortildi. Yarim himoyachi Sanjar Asqaraliyev 4ta uchrashuvga chetlatildi va jarimaga tortildi. Himoyachi Akbar Xo‘jayev 2ta uchrashuvga diskvalifikatsiya qilindi va jarimaga tortildi.
Agar mazkur holat yana takrorlansa, "Surxon" va "Andijon" klublariga nisbatan yanada qattiqqo‘l choralar qo‘llaniladi. Shuningdek, har ikki klubning rahbarlari va murabbiylar shtabi egallab turgan lavozimlari muvofiqligi ko‘rib chiqiladi.