TOShKENT, 3-iyun — Sputnik. Ukraina poytaxti Kiyev shahrida "Totli Sharq" o‘zbek oshxonasi festivali bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda "Jahon" AA.
Tadbir O‘zbekiston oshpazlar assotsiatsiyasi qo‘llab-quvvatlashi ostida o‘tkazildi va ushbu uyushmaning faxriy a’zosi Olimjon Norboyev palov tayyorlash bo‘yicha mahorat darsini o‘tkazdi. Tashrif buyurganlarning barchasi o‘zbek milliy oshxonasining shohona taomini totib ko‘rishdi.
Festival mehmoni —KUSUM (Hindiston) kompaniyasi bosh direktori Rajiv Gupta o‘zbek palovi pazandalik san’atining cho‘qqisi va O‘zbekistonning tashrif varaqasi ekanligini e’tirof etdi.
"Palov tayyorlash an’anasi oilalarda saqlanib keladi, ustozdan shogirdga o‘tadi va xalq madaniyatining bir qismi hisoblanadi. Bu ijtimoiy munosabatlar va birdamlikni mustahkamlashga xizmat qiladi. Shu bois ham o‘zbek palovi insoniyatning nomoddiy madaniy merosi ro‘yxatiga kiritilgan", — dedi u.
O‘zbekiston diplomatik missiyasining taklifiga ko‘ra, festivalda tushgan mablag‘lar og‘ir bemor Lazizbek Sharipovning murakkab jarrohlik operatsiyasi xarajatlarini qoplash uchun Ukraina Sog‘liqni saqlash vazirligi bolalar kardiologiyasi va kardiojarrohligi markazi hisobiga o‘tkaziladigan bo‘ldi. 2016-yilda tug‘ilgan xorazmlik go‘dak yurak-qon tomir tizimi kasalligidan aziyat chekmoqda.
Bizning Telegramdagi o‘zbekcha kanalimizga obuna bo‘ling va eng yangi xabarlarni birinchi bo‘lib o‘qing.