TOShKENT, 1-iyun – Sputnik. Rossiya prezidentining "2017-yilgi FIFA Konfederatsiyalar kubogi o‘tkazish davrida kuchaytirilgan xavfsizlik choralarini qo‘llash to‘g‘risida»gi farmoniga muvofiq ushbu tadbir o‘tkaziladigan vaqtda Rossiyaning to‘rtta yirik shahrida chet el fuqarolarini ro‘yxatga olish (registratsiya) tartibi o‘zgartirildi.
Xususan, 2017-yilning 1-iyunidan 12-iyuliga qadar Moskva, Sankt-Peterburg, Sochi va Qozon shaharlariga kelgan chet el fuqarolari 1 sutka ichida ro‘yxatdan o‘tishi kerak. Kechki reys bilan kelgan fuqarolar ertasi kuni ertalab ro‘yxatdan o‘tishi kerak.
Bir sutka ichida ro‘yxatdan o‘tishga ulgurmagan fuqarolar Rossiya hududidan chiqib qayta kirishga majbur bo‘ladi, aks holda ular ma’muriy qonunbuzarga aylanib qolishi mumkin.
Xuddi shunday tartib 2018-yilda Rossiyada bo‘lib o‘tadigan Futbol bo‘yicha Jahon chempionati vaqtida ham kiritiladi. Xususan, 2018-yilning 25-mayidan 25-iyuligacha Moskva, Sankt-Peterburg, Volgograd, Yekaterinburg, Qozon, Kaliningrad, Nijniy Novgorod, Rostov-na-Donu, Samara, Saransk va Sochida shaharlariga kelgan chet el fuqarolari bir kun ichida ro‘yxatdan o‘tishi kerak bo‘ladi.
Rossiyaga kelayotgan O‘zbekiston fuqarolari ham ushbu o‘zgarishlarni albatta hisobga olishlari kerak.