TOShKENT, 1-iyun — Sputnik. Rossiya tez orada O‘zbekistonga neft yetkazib berishni boshlaydi, lekin xom ashyo hajmi hozircha cheklangan miqdorda bo‘ladi, deb xabar berdi Podrobno.uz neftegaz.ruga asoslanib.
Rossiya O‘zbekiston bilan erishilgan kelishuvlar doirasida 2017-yilda xom neft yetkazib berishni boshlaydi. Dastlab 500 ming tonna neft yetkazib berilishi haqida ma’lumot tarqalgandi. Biroq bu yil 30 ming tonna neft yetkazib berilishi mumkin.
O‘zbekistonga neft sinov rejimida yetkazib beriladi, deb yozadi nashr.
Neft Omsk-Pavlodar-Chimkent neft quvurlari orqali jo‘natilishi, so‘ngra xom ashyo estakada orqali O‘zbekistonga jo‘natilishi taxmin qilinmoqda.
Ilgariroq Rossiya energetika vaziri A. Novak va Qozog‘iston energetika vaziri K. Bozumbayev O‘zbekistonga Qozog‘iston orqali neft yetkazib berish borasida kelishib olishgandi.
O‘zbekiston yaqin orada Jizzax viloyatida qurilishi boshlangan neftni qayta ishlash zavodini xom ashyo bilan ta’minlash uchun Qozog‘iston chegarasiga qadar magistral neft quvurini qurishni rejalashtirgan. Uzunligi 95 kilometrni tashkil etuvchi neft quvuri Omsk-Pavlodar-Chimkent magistral neft quvuriga ulanishi taxmin qilinmoqda.