TOShKENT, 31-may — Sputnik. Ijtimoiy tarmoqda O‘zbekiston Tashqi mehnat migratsiyasi masalalari agentligi nomidan berilgan e’longa ko‘ra, texnik va qadoqlovchilar Astraxan viloyatidagi korxonaga ishga taklif etilmoqda.
Polietilen ishlab chiqarish sohasida tajribaga ega bo‘lgan texnik-texnolog va texnik-mexanikning oylik maoshi 30 ming rublni tashkil etadi.
Qadoqlovchilar (35 yoshgacha bo‘lgan ayollar) uchun oylik maosh 20 ming rubl etib belgilangan.
Xabarda aytilishicha, ish vaqti soat 9.00dan 18.00ga qadar bo‘lib, bir soat tushlik uchun ajratiladi.
O‘zbekistondan korxonagacha yetib borish uchun yo‘l xarajatlari ish beruvchi tomonidan qoplanadi. Kasallik varaqalari to‘lanadi. Ishlashga ruxsatnoma olish va yashash joyida qayddan o‘tishda yordam ko‘rsatiladi. Yashash va ovqatlanish xarajatlari ishlovchining o‘zi tomonidan bo‘ladi.
Mazkur e’lon bo‘yicha qiziqish bildirgan fuqarolar 214-51-87 yoki 214-47-29 telefon raqamlariga qo‘ng‘iroq qilishlari hamda Tashqi mehnat migratsiyasi masalalari agentligining hududiy boshqarmalariga murojaat qilishlari mumkinligi aytilgan.
Sputnik muxbiri ushbu e’lon bo‘yicha agentlik bilan bog‘langanida, agentlik xodimi ijtimoiy tarmoqdagi sahifa Tashqi mehnat migratsiyasi masalalari agentligining rasmiy sahifasi emasligini bildirdi. Biroq sahifada berilgan ishga taklif haqidagi e’lonni tasdiqladi.