TOShKENT, 30-may — Sputnik. Toshkentdagi Yoshlar ijod saroyida bolalar va o‘smirlarga mo‘ljallangan "Bolajonlar — shirintoylar" bolalar moda festivali o‘z ishini boshlaydi, deb xabar qildi Sputnik O‘zbekiston muxbiriga loyiha tashabbuskorlari.
Festival Fashion Industry show, #beyoung for baby, Gala-fashion show dasturlarini o‘z ichiga olib, 1-iyun kuni-Xalqaro bolalarni himoya qilish kuniga qadar davom etadi.
Festivalda mamlakatimiz dizaynerlari yaratgan 450 yangi kiyim-bosh to‘plami havola etiladi. Yangi libos namunalarini «Tantana», «Fashion Lab» ijodiy studiyalari, «Kolibri» art-burosi va «Oltin qanot» maktabining 2,5 yoshdan 13 yoshgacha bo‘lgan 220 nafar yosh modelyeri namoyish etadi.
"Osiyo ramzi" O‘zbekiston dizaynerlar va modelyerlar uyushmasi tashabbusi bilan tashkil etilgan festivalda mahoratli ijodkorlar, yosh dizaynerlar, bolalar ijodiyoti markazlari, mamlakatimizdagi qator moda maktablarining vakillari qatnashmoqda.
Festivalda dastlabki kunida «Istiqlol dizayn markazi» MChJ (Namangan), «Samarkand Apparel», «Afrosiyob Jeans» (Samarqand) korxonalari, «Nil Granit» (Andijon) korxonasi, «Azalea Garment» (Toshkent viloyati) korxonasining liboslari namoyish etildi. Festival ishi davomida O‘zbekiston dizaynerlari yaratgan 450 yangi kiyim-bosh to‘plami havola etiladi.
Festival yakunida laureatlarni diplomlar va qimmatbaho sovrinlar bilan taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tadi.
Eng yorqin tasvirlarni Sputnik fotolentasida tomosha qilishingiz mumkin.
Bizning Telegramdagi o‘zbekcha kanalimizga obuna bo‘ling va eng yangi xabarlarni birinchi bo‘lib o‘qing.