TOShKENT, 30-may — Sputnik. AO "O‘ztadbirkoreksport" AJ "O‘ztreyd" ixtisoslashtirilgan tashqi savdo kompaniyasi AJ etib nomlandi. O‘zbekiston prezidenti bu borada qarorga 2017-yilning 26-may kuni imzo chekdi.
Kichik va xususiy biznes subyektlari, dehqon va fermer xo‘jaliklariga o‘z mahsulotini eksport qilish, ishlab chiqarayotgan mahsulotlari uchun yangi bozorlarni topish va o‘zlashtirishda ko‘maklashish "O‘ztreyd" AJning asosiy vazifalari hisoblanadi.
Bundan tashqari, "O‘ztreyd" reklama tadbirlarini o‘tkazish, kichik biznes subyektlarining xalqaro yarmarka va ko‘rgazmalarda ishtirok etishi, mahsulot eksporti masalalari bo‘yicha axborot va maslahat bilan ta’minlash bo‘yicha ham yordam beradi.
Yangi tashkilot boshqaruvida 39 nafar kishi faoliyat olib boradi. Shuningdek, "O‘ztreyd"ga kompaniyaning xorijdagi savdo uylari orqali konsignatsiya sharoitlarida bug‘doy va un eksportiga ruxsat berildi, deyiladi O‘zbekiston prezidenti rasmiy veb saytida.
"O‘ztreyd" AJ Toshkent shahri, Mirobod tumani, Islom Karimov ko‘chasi, 1-uyda joylashadi.