TOShKENT, 28-may — Sputnik. Bugun tunda O‘zbekiston shifokorlar assotsiatsiyasi raisi, professor Xudaybergenov Abdulla Matkarimovich vafot etdi. Ushbu qayg‘uli voqea haqida uning hamkasabasi Zoxid Abduraximov Facebook orqali xabar qildi.
"O‘zbekiston shifokorlar assotsiatsiyasi buyuk ustozning oila a’zolari va yaqinlariga chin dildan hamdardlik bildiradi", — deyilgan xabarda.
Abdulla Matkarimovich Xudaybergenov 1936 yilda To‘rtko‘lda tug‘ilgan. 1959 yilda Toshkent meditsina institutining davolash fakultetini yakunlagan. O‘z faoliyatini Mo‘ynoq tuman shifoxonasida xirurg sifatida boshlagan. 1960-yillarda Mo‘ynoq tuman shifoxonasida bosh shifokor vazifasida ishlagan. 1970-yillarda Qoraqalpog‘iston ASSR, 1981-1986 yillarda esa O‘zbekiston SSR sog‘liqni saqlash vaziri lavozimida ishlab kelgan.
Abdulla Matkarimovich 2004-yilning oxiriga qadar Vosit Vaxidov nomli Respublika ixtisoslashgan xirurgiya markazi direktori bo‘lgan.