O‘zbekiston hukumati Fayzulla Mullajonov vafoti munosabati bilan ta’ziya bildirdi

© Sputnik / Yevgeniy Odinokov / Mediabankka o‘tishSveti u posolstva Belgii v Moskve
Sveti u posolstva Belgii v Moskve - Sputnik O‘zbekiston
Obuna bo‘lish
Katta mehnat va hayot tajribasiga ega bo‘lgan Fayzulla Mullajonov 1991-yilda, O‘zbekiston endigina davlat mustaqilligini qo‘lga kiritib, yangi davrga qadam qo‘ygan murakkab bir sharoitda O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki raisi etib tayinlangandi

TOShKENT, 24-may — Sputnik. O‘zbekiston Respublikasi hukumati O‘zbekiston Markaziy banki raisi Fayzulla Mullajonovning vafoti munosabati bilan ta’ziya izhor qildi.Ta’ziyanoma matni O‘zbekiston Respublikasi hukumat portalida keltirilgan.

"Mamlakatimiz bank-moliya tizimi og‘ir judolikka uchradi.

O‘zbekiston bank tizimi asoschilaridan biri, atoqli iqtisodchi, tajribali rahbar, O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki raisi Fayzulla Maqsudjonovich Mullajonov shu yil 23-may kuni 67 yoshida to‘satdan vafot etdi", deyiladi ta’ziyanomada.

F.Mullajonov 1950-yili Sirdaryo viloyatida tug‘ilgan. 1971-yili Toshkent xalq xo‘jaligi instituti (hozirgi Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti)ni iqtisodchi mutaxassisligi bo‘yicha tamomladi. Mehnat faoliyatini davlat banki Sirdaryo viloyati bo‘limida kredit nazoratchisi vazifasidan boshladi. Keyinchalik ushbu viloyatda bank sohasida turli mas’ul lavozimlarda xizmat qildi.

Fayzulla Mullajonov - Sputnik O‘zbekiston
Markaziy bank raisi Fayzulla Mullajonov olamdan o‘tdi

"Katta mehnat va hayot tajribasiga ega bo‘lgan F.Mullajonov 1991-yilda, mamlakatimiz endigina davlat mustaqilligini qo‘lga kiritib, yangi davrga qadam qo‘ygan murakkab bir sharoitda O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki raisi etib tayinlandi.

Ana shu o‘ta mas’uliyatli lavozimda qariyb 26-yil samarali faoliyat ko‘rsatib, F.Mullajonov eski ma’muriy-buyruqbozlik tizimidan bozor iqtisodiyoti munosabatlariga o‘tish jarayonida bank-moliya tizimini shakllantirish va rivojlantirish, milliy valyutamizni joriy etish, oltin-valyuta zaxirasini mustahkamlash, bank sohasi uchun zamonaviy kadrlar tayyorlash borasida o‘zining yuksak tashkilotchilik va tashabbuskorlik qobiliyatini namoyon etdi.

F.Mullajonovning O‘zbekiston bank tizimini xalqaro talab va mezonlar asosida taraqqiy toptirish, uning kadrlar salohiyatini mustahkamlash, jahon miqyosidagi obro‘-e’tiborini oshirish borasidagi katta xizmatlari xalqimizga yaxshi ma’lum.

Bugungi kunda mamlakatimiz iqtisodiyotining turli soha va tarmoqlarida xizmat qilib kelayotgan ko‘plab rahbar xodimlar, bank-moliya mutaxassislari haqli ravishda o‘zlarini F.Mullajonovning shogirdlari, deb hisoblaydilar.

F.Mullajonovning ko‘p yillik samarali xizmatlari davlatimiz tomonidan munosib taqdirlangan. U "O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan iqtisodchi" faxriy unvoni, "Mehnat shuhrati" va "Fidokorona xizmatlari uchun" ordenlari bilan mukofotlangan edi.

O‘zbekiston bank-moliya sohasining yirik namoyandasi, mehribon ustoz, kamtarin inson Fayzulla Mullajonovning xotirasi qalbimizda hamisha saqlanib qoladi.

Sh.Mirziyoyev, N.Yo‘ldoshev, N.Ismoilov,
A.Aripov, U.Ismoilov".

Bizning Telegramdagi o‘zbekcha kanalimizga obuna bo‘ling va eng yangi xabarlarni birinchi bo‘lib o‘qing.

Yangiliklar lentasi
0