TOShKENT, 19-may — Sputnik. Ertaga Toshkent vaqti bilan soat 05:30 da "Uzbek Tigers" bokschilari Kubaning "Cuba Domadores" jamoasi bokschilariga qarshi jang qiladilar. Bu haqda "Olamsport" xabar bermoqda.
Ushbu to‘qnashuv oldidan ikkala jamoa bokschilari va murabbiylari o‘rtasida vazn o‘lchash marosimi bo‘lib o‘tdi.
Ertaga 52 kg vazn toifasida Jasurbek Latipov Yosbani Veytiaga qarshi jang qilsa, 60 kg vazn toifasidagi bokschimiz Elnur Abduraimov Alvares Estradani mag‘lub etishi lozim bo‘ladi.
Shahram G‘iyosov (69 kg) Rio Olimpiadasida London Olimpiadasi chempioni Roniyel Iglesiasni mag‘lubiyatga uchratgandi. U ertaga ham shu ishni takrorlashi kerak!
Bektemir Meliqo‘ziyev (81 kg) ham Rio Olimpiadasi oltin medali sohibiga qarshi jang qiladi.
+91 kg vazndagi Bahodir Jalolov esa Larduet Gomesga qarshi jangga chiqadi.
Agar 5 ta jang yakuniga ko‘ra kubaliklar foydasiga 3:2 hisobi qayd etilsa, Mirzobek Hasanov Yandri Toyrakka qarshi jang qilishi kerak. Lekin umid qilamizki, vakillarimiz ushbu jangga hojat qoldirishmaydi va to‘qnashuvni o‘z foydalariga hal qiladilar.
Bizning Telegramdagi o‘zbekcha kanalimizga obuna bo‘ling va eng yangi xabarlarni birinchi bo‘lib o‘qing.