TOShKENT, 19-may — Sputnik. "O‘zLITIneftgaz" AJ, Hyundai Engineering Co., Ltd va Enter Engineering PTE o‘rtasida O‘zbekistonda qo‘shma korxona shaklidagi zamonaviy injiniring markazini yaratish yuzasidan bitim imzolandi, deb xabar bermoqda "O‘zbekneftegaz" matbuot xizmati.
Markazni tashkil etish haqidagi kelishuv Toshkentda bo‘lib o‘tayotgan Global Oil & Gas Uzbekistan 2017 xalqaro ko‘rgazmasi doirasida imzolandi.
"Ushbu innovatsion-injiniring markazini yaratishdan ko‘zlangan asosiy maqsad alohida investitsion loyihalarga oid loyiha hujjatlarini ishlab chiqish bo‘yicha pudratchi sifatida ishlarni bajarish uchun ixtisoslashgan markazni yaratishdan iborat", dedi hujjatlarni imzolash marosimida so‘zga chiqqan "O‘zbekneftgaz" MXK boshqaruvi raisi Alisher Sultonov.
"O‘zLITIneftgaz" investitsion loyihalarning loyihaoldi va loyiha hujjatlarini ishlab chiqish uchun eng nufuzli mahalliy va xorijiy ixtisoslashtirilgan loyihalash va injiniring tashkilotlarini hamda yetakchi mutaxassis va ekspertlarni jalb qiladi.
"O‘zLITI injiniring" innovatsion-injiniring markazining yaratilishi loyihalash jarayonlariga zamonaviy litsenziyalangan dasturiy mahsulotlar va xalqaro tajribaga asoslangan, loyiha ishlarini tashkil qilishning eng taraqqiy usul va texnologiyalarini joriy qilishga xizmat qiladi.
Bizning Telegramdagi o‘zbekcha kanalimizga obuna bo‘ling va eng yangi xabarlarni birinchi bo‘lib o‘qing.