TOShKENT, 18-may — Sputnik. Lola Karimova-Tillayeva ijtimoiy tarmoqlardagi sahifasida o‘zbek xalq udumlaridan biri "Lola sayli" haqida ma’lumot berdi.
Lola sayli (Lolabayram, ayrim hududlarda Guli surx deya nomlanadi) — o‘zbek xalqining qadimiy bayramlaridan biri bo‘lib, Navro‘zdan so‘ng, ya’ni aprel oyining oxiri — may oyining boshlarida, lola va lolaqizg‘aldoq ochilgan vaqtlarda o‘tkaziladi.
Buxoro hududida bayram arafasida savdogarlar do‘konlarini gullar bilan bezaganlar. Odatga ko‘ra, atirgul barglaridan murabbo pishirib, uni uyga kelgan mexmon oldiga dasturxonga tortganlar.
Lola sayli bizgacha yetib kelib, vatanimizning asosan tog‘li hududlarida nishonlanadi. Bayramning ramziy ma’nosi yo‘qolib ketgan bo‘lsa-da, xalq sayli va o‘yin-kulgi bilan nishonlash udumi saqlanib qolgan, deb yozadi Lola Karimova o‘zining instagrammdagi sahifasida.
Bizning Telegramdagi o‘zbekcha kanalimizga obuna bo‘ling va eng yangi xabarlarni birinchi bo‘lib o‘qing.