TOShKENT, 18-may — Sputnik. Toshkent fransuz alyansi raisi Shoazim Minovarov Fransiya Respublikasi Hukumati nomidan "Xizmatlari uchun" milliy ordeni bilan taqdirlandi. Bu haqda Fransiyaning O‘zbekistondagi elchixonasi matbuot xizmati xabar berdi.
Minovarovga ushbu mukofot fransuz tilini targ‘ib qilishga hamda Fransiya va O‘zbekiston o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirishga qo‘shgan hissasi uchun topshirildi.
Shoazim Minovarov 2015-yildan buyon Toshkent fransuz alyansi raisi sifatida faoliyat yuritib kelmoqda. Ushbu tashkilot Fransiya va O‘zbekiston Respublikalari Tashqi ishlar vazirlari imzolagan Hukumatlararo bitim asosida ta’sis etilgan.
"Xizmatlari uchun" milliy ordeni XX asr o‘rtalarida ta’sis etilgan bo‘lib, jamiyatning turli jabhalarida faoliyat yuritib kelayotgan shaxslar buyuk xizmatlari uchun taqdirlanishadi.
Shoazim Minovarov Monteskyening "Fors nomalari", Le Klezioning "Mondo va boshqa hikoyalar", Sharl Perroning "Ona g‘oz ertaklari", Fransua Moriakning "Ilonlar changalida", Modianoning "To‘y sayohati" asarlarini fransuzchadan o‘zbek tiliga o‘girgan. Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi birinchi Prezidenti Islom Karimovning "O‘zbekiston XXI asr bo‘sag‘asida" asari, Erkin A’zamning "Alvido, ertaklar" kitobini fransuz tiliga tarjima qilgan.
Bizning Telegramdagi o‘zbekcha kanalimizga obuna bo‘ling va eng yangi xabarlarni birinchi bo‘lib o‘qing.