TOShKENT, 11-may — Sputnik. Tojikiston IIV xodimlari sobiq OMON komandiri Gulmurod Halimovning o‘g‘lini hibsga oldi, deb xabar bermoqda Sputnik Tojikiston.
18 yoshli Behruz Halimov Dushanbe-Moskva samolyotidan maxsus militsiya otradi (OMON) xodimlari tomonidan olib tushib ketilgan.
Behruz Halimov o‘tgan yili maktabni bitirgani va Varzob tumanidagi Darai Fon qishlog‘ida mayda savdogarlik bilan shug‘ullangani aytilmoqda.
Ayrim ma’lumotlarga qaraganda, u "Islom davlati" terrorchilik tashkiloti safida jang qilgan otasi bilan aloqada bo‘lib turgan.
Manbaning ma’lum qilishicha, Behruz Halimov Moskva orqali Iroq yoki Suriyaga ketishni mo‘ljallagan. Tojikiston maxsus xizmatlari ushbu ma’lumotni tekshirmoqda.
Eslatib o‘tamiz, 15-aprel kuni The Times nashri Iroqning Mosul shahrida "Islom davlati" terrorchilik tashkilotiga qo‘shilib ketgan Tojikiston IIV OMON komandiri Gulmurod Halimov o‘ldirilgani haqida xabar qilgandi.
Ammo uning halok bo‘lgani rasman tasdiqlanmagan va Halimov hozirda ham Interpol tomonidan qidiruvda bo‘lgan shaxslar ro‘yxatida turibdi.
Bizning Telegramdagi o‘zbekcha kanalimizga obuna bo‘ling va eng yangi xabarlarni birinchi bo‘lib o‘qing.