TOShKENT, 9-may — Sputnik. Bugun 93 yoshni qarshi olgan Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi, toshkentlik Xanif Shadaminov og‘ir urush yillarini eslashni yoqtirmaydi.
"Urushning dastlabki kunlarida otam halok bo‘ldi. Komandiri otamni o‘rmonzorda katta qarag‘ay ostida dafn qilgan va qabr ustiga taxtachada "bu yerda jasur jangchi Damin Shadaminov dafn qilingan" deb yozib qoldirgan ekan. Sal keyin qoraxat olganmiz", — deya esga oldi Xanif Daminovich.
Veteranning so‘zlariga ko‘ra, vaqt o‘tib, tinchlik o‘rnatilgach, u Leningrad yaqinidagi ota qabrini ziyorat qilgan. Xanif Shadaminov suhbat davomida hayotida ro‘y bergan bir afsonaviy uchrashuvni hech qachon unutmasligini aytdi. Veteran Brestda kutilmaganda proletariylar yetakchisi Stalinni uchratib qolgan ekan.
Xalqlar otasi o‘sha vaqtda amerikaliklar bilan kelishuv imzolagani Berlin anjumaniga yo‘l olayotgan bo‘lgan.
Veteranning aytishicha, u O‘zbekistonga tinchlik zamonlarida kelib qolgan. Bu yerda uning akasi yashagan.
"Toshkentga kelgach, Hasanboy posolkasida g‘isht zavodini qurdim. Keyin boshqa obyektlarni, menga bu yer juda yoqadi va shu tariqa Toshkentda yashab qolganman. Urushda birga xizmat qilgan safdoshlarim ham shu yerga ko‘chib kelishgan edi, biz keng ko‘cha yoqalab xuddi bir oiladek yashaganmiz. Hozir ko‘pchiligi oramizda yo‘q", — dedi Xanif Daminovich.
Veteran o‘zining ko‘psonli ordenlari va ularni qaysi xizmatlari uchun olgani haqida gapirishni xohlamadi. Kamtarinlik bilan munosib pensiya olayotgani va ko‘rsatilayotgan hurmat va g‘amxo‘rlik uchun davlat rahbaridan minnatdorligini aytib o‘tdi.
"9 may bayramiga prezidentdan sovg‘a tariqasida ikki million so‘m oldim, juda minnatdorman. Yigirmadan ortiq nevara, evaralarim bor, ularga shirinlik olib berib siyladim. Menga mashina sovg‘a qilishga va’da berishgan edi, ammo men unamadim, endi keragi yo‘q, axir baribir haydolmayman. Shavkat Miromonovichga bunday g‘amxo‘rlik uchun minnatdorman", — deb ta’kidladi veteran.
Bizning Telegramdagi o‘zbekcha kanalimizga obuna bo‘ling va eng yangi xabarlarni birinchi bo‘lib o‘qing.