TOSHKENT, 7 may — Sputnik. Toshkentda 9 may — Xotira va qadrlash kunini nishonlash urush davri avtomobillari koʻrgazmasi bilan boshlandi, deb xabar bermoqda Sputnik Oʻzbekiston muxbiri.
"Anhor Lokomotiv" parkida tashkil etilgan mazkur tadbir barchada qiziqish uygʻotdi. Toshkentliklarning aksariyati koʻrgazmaga oilaviy tarzda tashrif buyurishdi.
Ikkinchi jahon urushi davrida frontdagi askarlarga taom tayyorlashda foydalanilgan gʻildirakli oshxona tashrif buyurganlarning diqqatini oʻziga jalb etdi.

Parkka kiraverishda mehmonlarni mamlakat tarixida ilk bor urush davri gimnastyorkalarini kiygan qizlar kutib olishdi va bolalarga shar ulashishdi. Istagan kishi bu qizlar bilan rasmga tushishi mumkin edi.

Urush davrida aytilgan qoʻshiqlarning ijro etilishi tadbirga oʻzgacha fayz bagʻishladi. Mashhur "Katyusha" qoʻshigʻi ijro etilganida esa keksa onaxonlar davraga chiqib raqsga ham tushishdi.
Umuman olganda, bayram hamma xohlaganidek — urush davri qoʻshiqlari, oʻsha davr harbiylari kiyimidagi askarlar va urushda kim gʻalaba qozonganini bundan buyon bir umr yodida saqlaydigan yuzlab bolajonlarning ishtiroki bilan boshlandi.