TOShKENT, 4-may — Sputnik. Taniqli o‘zbek xonandasi Yulduz Usmonova Dushanbe, Xo‘jand va Tursunzoda shaharlarida may oyi oxirlarida konsert beradi, deb xabar qilmoqda Sputnik Tojikiston.
Konsert tashkilotchisi Mavluda Rahmatovaning so‘zlariga ko‘ra, xonanda O‘zbekistonda taqdim etgan 14 kunlik konsertidan so‘ng Tojikistonga taklif etilgan.
Ta’kidlanishicha, O‘zbekiston xalq artisti Yulduz Usmonova Dushanbe shahrida ikkita yakkaxon konsert dasturini taqdim etadi. Shuningdek, Xo‘jand va Tursunzoda shaharlarida ham chiqish qilishi kutilmoqda.
Kohi Borbad ijarasi o‘ta qimmat bo‘lgani uchun xonandaning konserti Dushanbedagi Amfiteatrda o‘tkazilishi ma’lum qilindi.
"Toshkentda u tojikcha qo‘shiqni chakan kiygan holda ijro etdi. Va bu bizga juda manzur bo‘ldi", — deya tushuntirgan tashkilotchi.
Qayd etilishicha, Yulduz Usmonova Tojikistonda yangi konsert dasturini taqdim etadi. Dasturdan tojik tilida kuylanadigan bir nechta qo‘shiqlar o‘rin olgan. Tojik tilida kuylanadigan qo‘shiqlar she’ri tojik shoiri Orzu Isoyevga tegishli.
"Oxirgi yillarda O‘zbekistonlik xonandalardan hech kim Tojikistonda chiqish qilmagan, ikki mamlakat o‘rtasida aloqalar tiklangach, biz o‘zimizning yaqin do‘stimizni taklif qilishga qaror qildik va konsertni "Do‘stning qaytishi" deb nomladik", — deb aytgan Rahmatova.
Yulduz Usmonovaning konsert dasturiga chiptalar 128 ming so‘mgacha narxda sotilayotgani qo‘shimcha qilingan.
Bizning Telegramdagi o‘zbekcha kanalimizga obuna bo‘ling va eng yangi xabarlarni birinchi bo‘lib o‘qing.