TOShKENT, 2-may — Sputnik. O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar vaziri Abdusalom Azizov ommaviy axborot vositalari xodimlari bilan ochiq muloqotda o‘quvchiga qo‘l ko‘targan o‘qituvchi ma’muriy javobgarlikka tortilganini ma’lum qildi.
Bu haqda O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi axborot-xizmati xabar berdi.
Eslatib o‘tamiz, ilgariroq Feysbuk ijtimoiy tarmoqlarda maktab o‘qituvchisining o‘quvchilarni haqoratlab, ularga qo‘l ko‘targani aks etgan qariyb uch daqiqalik video katta shov-shuvlarga sabab bo‘lgan edi.
IIV rahbari, shuningdek, O‘zbekiston prezidenti tashabbusi bilan keng jamoatchilik, huquqni muhofaza qilish organlari vakillari ishtirokida har payshanba kuni tashkil etilayotgan jinoyatchilikning oldini olishga doir kompleks tadbirlar o‘z ijobiy natijalarini berayotganini ta’kidlagan.
Vazirga ko‘ra, profilaktika kunini o‘tkazish amaliyoti boshlangan fevral oyida ayrim o‘quv muassasalarida davomat 50 %ni tashkil etgan bo‘lsa, hozir bu ko‘rsatkich 90 %dan oshgan.
Bizning Telegramdagi o‘zbekcha kanalimizga obuna bo‘ling va eng yangi xabarlarni birinchi bo‘lib o‘qing.